Dautov Androlog · Toshkent
UZ RU Qabulga yozilishYozilish

● Fiziologiya · Talaba va shifokorlar uchun

Spermatogenez va erkak jinsiy tizimining gormonal boshqaruvi

Urugʻ kanalchalari, Sertoli va Leydig hujayralari, spermatogenez bosqichlari, gipotalamus–gipofiz–moyak oʻqi, testosteron almashinuvi va WHO 2021 sperma koʻrsatkichlari: talabalar va shifokorlar uchun.

Muallif: Davron Dautov, androlog-urolog · Toshkent

27 slayd · 516 KB · PowerPoint (.pptx)

Taqdimotning birinchi slaydi: Spermatogenez va erkak jinsiy tizimining gormonal boshqaruvi
01

Taqdimot maqsadlari

  • Urugʻ kanalchalari, Sertoli va Leydig hujayralarining tuzilishi va vazifalarini tushuntirish
  • Qon–moyak toʻsigʻining ahamiyatini va spermatogenezning uch bosqichini (spermatogoniogenez, meyoz, spermiogenez) tavsiflash
  • Spermatogenez davomiyligini (taxminan 74 kun) va moyak ortigʻida yetilishning klinik ahamiyatini izohlash
  • Gipotalamus–gipofiz–gonadalar oʻqini va teskari aloqa mexanizmlarini (testosteron, estradiol, inhibin B) bayon etish
  • Testosteron sintezi, tashilishi (SHBG, albumin) va metabolitlarini (DHT, estradiol) sharhlash
  • Gipo- va gipergonadotrop holatlarda LH, FSH va testosteronni sharhlash; WHO 2021 sperma chegaralarini bilish
02

Urugʻ kanalchalari va moyak tuzilishi

  • Moyak (testis) ikki funksional boʻlimdan iborat: urugʻ kanalchalari (tubuli seminiferi) — spermatogenez maydoni; interstitsial toʻqima — Leydig hujayralari va qon tomirlari.
  • Urugʻ kanalchalari moyak hajmining katta qismini egallaydi; ularning ikki uchi moyak toʻri (rete testis)ga ochiladi, u orqali spermatozoidlar moyak ortigʻiga (epididimis) oʻtadi.
  • Kanalcha devori: bazal membrana, peritubulyar miyoid hujayralar (qisqarib kanalcha tarkibini siljitadi) va spermatogen epiteliy.
  • Spermatogen epiteliy ikki turdagi hujayradan iborat: qoʻllab-quvvatlovchi Sertoli hujayralari va rivojlanayotgan jinsiy hujayralar (spermatogoniyadan spermatozoidgacha).
  • Spermatogenez uchun harorat tana haroratidan bir necha daraja past boʻlishi kerak; buni skrotum, pampiniform venoz chigal va kremaster mushagi taʼminlaydi. Kriptorxizm va varikotsele harorat nazoratini buzadi.
  • Jinsiy hujayralar bazal membranadan kanalcha boʻshligʻiga qarab siljiydi: chetda — spermatogoniyalar, boʻshliq yaqinida — spermatidalar va spermatozoidlar.
03

Sertoli hujayralari va qon–moyak toʻsigʻi

  • Sertoli hujayralari bazal membranadan boʻshliqqacha choʻzilgan; FSH va androgenlar uchun asosiy nishon (androgen retseptorlari Sertoli, Leydig va peritubulyar hujayralarda bor, jinsiy hujayralarda deyarli yoʻq).
  • Qon–moyak toʻsigʻi (BTB) qoʻshni Sertoli hujayralari orasidagi zich birikmalar (klaudinlar, okkludin, ZO-1) bilan hosil boʻladi va epiteliyni bazal hamda adlyuminal boʻlimlarga ajratadi.
  • Bazal boʻlimda spermatogoniyalar va erta spermatotsitlar; adlyuminal boʻlimda meyozning keyingi bosqichlari va spermatidalar rivojlanadi. Erta spermatotsitlar toʻsiqdan birikmalarni vaqtincha ochish orqali oʻtadi.
  • BTB immun himoya vazifasini bajaradi (meyozdan keyingi hujayralar antigenlari immun tizimiga «begona») va spermatogenez uchun maxsus ion hamda oqsil tarkibli mikromuhit yaratadi.
  • Sertoli vazifalari: jinsiy hujayralarni oziqlantirish (laktat), spermiatsiya, qoldiq tanachalar fagotsitozi, suyuqlik sekretsiyasi, androgen bogʻlovchi oqsil (ABP), inhibin B, fetal davrda antimyuller gormon (AMH).
  • FSH Sertoli hujayralarini ragʻbatlantirib spermatogenezni boshlaydi va saqlaydi; testosteron (Sertoli hujayralari orqali) meyoz va spermiogenezni oxiriga yetkazish uchun zarur.
  • Toʻsiq shikastlanganda (travma, torsiya, infeksiya, vazektomiya) antispermal antitanachalar paydo boʻlishi mumkin.
04

Leydig hujayralari va steroidogenez

  • Leydig hujayralari interstitsiyada joylashgan; LH taʼsirida (LH retseptori orqali) testosteron sintez qiladi.
  • Steroidogenez: xolesterin → mitoxondriyaga StAR oqsili orqali tashiladi (tezlikni belgilovchi bosqich) → pregnenolon (CYP11A1) → DHEA/androstendion (Δ5 va Δ4 yoʻllari) → testosteron (17β-HSD tip 3).
  • Erkakda testosteronning asosiy qismi moyakda hosil boʻladi (sutkasiga taxminan 5–7 mg); kamroq qismi buyrak usti bezi prekursorlarining periferik aylanishidan keladi.
  • Moyak ichidagi testosteron konsentratsiyasi qondagidan ancha yuqori; spermatogenezni aynan shu daraja qoʻllab-quvvatlaydi.
  • Ekzogen testosteron va anabolik steroidlar LH ni bostiradi → moyak ichi testosteroni kamayadi → spermatogenez susayadi (oligo- yoki azoospermiya); taʼsir odatda qaytar.
  • Leydig hujayralari faoliyati yoshga qarab, semizlikda, surunkali kasalliklarda, opioidlar va glyukokortikoidlar taʼsirida pasayishi mumkin.
05

Spermatogenez bosqichlari

  • Spermatogenez — diploid ildiz hujayralardan haploid spermatozoidlar hosil boʻlishi; balogʻatdan boshlanib umr boʻyi davom etadi.
  • 1-bosqich — spermatogoniogenez (mitoz): A-tur spermatogoniyalar (qorongʻi — zaxira; och — yangilanuvchi va rivojlanuvchi) → B-tur spermatogoniyalar → birlamchi spermatotsitlar. Bazal boʻlimda kechadi.
  • 2-bosqich — meyoz: birlamchi spermatotsit (46,XY; 4C) → meyoz I → ikkita ikkilamchi spermatotsit (haploid) → meyoz II → toʻrtta yumaloq spermatida (23 xromosoma; 1C). Krossingover genetik xilma-xillikni taʼminlaydi.
  • 3-bosqich — spermiogenez (boʻlinishsiz): akrosoma shakllanishi (Goldji apparatidan), yadro kondensatsiyasi (gistonlar oʻrniga protaminlar), flagellum (aksonema) va mitoxondriyal oʻram hosil boʻlishi, ortiqcha sitoplazmaning chiqarilishi.
  • Spermiatsiya — yetilgan spermatidaning Sertoli hujayrasidan ajralib kanalcha boʻshligʻiga chiqishi; qoldiq sitoplazmani Sertoli hujayrasi fagotsitoz qiladi.
  • Bir avlod hujayralari sitoplazmatik koʻprikchalar bilan bogʻlangan holda sinxron rivojlanadi.
  • Meyozdagi xatolar (xromosomalar ajralmasligi) gametalar anevploidiyasiga olib keladi.
06

Jinsiy hujayralar: bosqichlar va ploidlik

HujayraPloidlik / DNKHodisa / joylashuvi
Spermatogoniya (A, B) 2n (diploid), 2C Mitoz; bazal boʻlim; ildiz hujayralar zaxirasi
Birlamchi spermatotsit 2n, 4C (S-fazadan keyin) Meyoz I ga kiradi; qon–moyak toʻsigʻidan oʻtadi
Ikkilamchi spermatotsit n (haploid), 2C Qisqa umrli; tez meyoz II ga oʻtadi
Spermatida (yumaloq → choʻzilgan) n, 1C Spermiogenez: akrosoma, flagellum, protaminlar
Spermatozoid n, 1C Boʻshliqqa chiqadi (spermiatsiya); moyak ortigʻida yetiladi
07

Spermatogenez davomiyligi va moyak ortigʻida yetilish

  • Odamda spermatogenezning umumiy davomiyligi taxminan 74 kun (spermatogen epiteliyning 4–5 ketma-ket sikli; bitta sikl taxminan 16 kun).
  • Moyak ortigʻidan tranzit bir necha kun davom etadi (adabiyotda taxminan 2–12 kun); shu davrda spermatozoidlar harakatchanlik va urugʻlantirish qobiliyatini egallaydi, dum qismida saqlanadi.
  • Shu sababli spermatogenezga taʼsir etuvchi omil (isitma, dori, nurlanish, gormonlar) spermogrammada taxminan 3 oydan keyin namoyon boʻladi; nazorat spermogrammasi shu muddatdan keyin baholanadi.
  • Kapasitatsiya moyak ortigʻida emas, urgʻochi jinsiy yoʻllarida (yoki in vitro) sodir boʻladi: ejakulyatdagi spermatozoidlar hali toʻliq kapasitatsiyalanmagan.
  • Spermatozoid tuzilishi: bosh (yadro + akrosoma), boʻyin, oraliq qism (mitoxondriyalar), asosiy va oxirgi qismlar (dum).
  • Eng sezgir omillar: harorat, ionlashtiruvchi nurlanish, kimyoterapiya (alkillovchi vositalar), toksinlar, ekzogen androgenlar.
08

Gipotalamus–gipofiz–moyak oʻqi

  • Gipotalamus (arkuat va preoptik yadrolar) GnRH ni pulsatsiyalovchi tarzda (taxminan har 1–2 soatda) ajratadi; GnRH — dekapeptid, portal qon tomirlari orqali gipofizga yetadi.
  • Kisspeptin neyronlari (KNDy) GnRH neyronlarini faollashtiradi va oʻqning asosiy boshqaruvchisi hisoblanadi; balogʻat boshlanishida ayniqsa muhim.
  • Gipofiz old boʻlagining gonadotroflari LH va FSH ajratadi: ikkalasi ham umumiy α- va oʻziga xos β-subbirlikdan iborat glikoproteinlar.
  • LH → Leydig hujayralari → testosteron; FSH → Sertoli hujayralari → spermatogenezni qoʻllab-quvvatlash, ABP, inhibin B.
  • Pulsatsiya muhim: uzluksiz GnRH yoki uzoq taʼsirli agonistlar retseptorlar desensitizatsiyasi orqali LH/FSH ni pasaytiradi (prostata saratonida androgen deprivatsiyasining asosi).
  • Puls chastotasi gonadotropinlar nisbatiga taʼsir qiladi: tez pulslar koʻproq LH ga, sekin pulslar FSH ga qulay.
  • Testosteron sutka davomida tebranadi, ertalab yuqori (ayniqsa yoshlarda); shu sababli qon ertalab olinadi.
  • Giperprolaktinemiya, stress, ogʻir kasallik, vazn yoʻqotish va haddan ziyod mashqlar GnRH pulsatsiyasini bostirishi mumkin (funksional gipogonadotrop gipogonadizm).
09

Teskari aloqa: testosteron, estradiol va inhibin B

  • Testosteron va uning aromatizatsiya mahsuloti estradiol gipotalamus hamda gipofizda manfiy teskari aloqa beradi: asosan LH, kamroq FSH pasayadi.
  • Inhibin B (Sertoli hujayralari) gipofizda FSH sekretsiyasini tanlab bostiradi: spermatogenez susaysa inhibin B ↓ → FSH ↑.
  • Aktivinlar FSH ni ragʻbatlantiradi, follistatin aktivinni bogʻlaydi — mahalliy qoʻshimcha boshqaruv.
  • Estradiol manfiy teskari aloqada muhim: selektiv estrogen retseptor modulyatorlari (klomifen) bu aloqani bloklab LH, FSH va testosteronni oshiradi.
  • Ekzogen testosteron va anabolik steroidlar teskari aloqa orqali LH va FSH ni pasaytiradi → gipogonadotrop gipogonadizm va spermatogenez susayishi.
  • Giperprolaktinemiya GnRH pulsatsiyasini va Leydig faoliyatini pasaytiradi → LH, testosteron ↓, libido ↓, erektil disfunksiya.
  • Semizlikda aromatizatsiya ↑, SHBG ↓: estradiol ↑ va umumiy testosteron ↓ (funksional gipogonadizm).
10

Testosteron: tashilishi, metabolizmi va taʼsiri

  • Qonda testosteronning kichik qismi (taxminan 1–3 %) erkin; taxminan 40–50 % SHBG bilan mustahkam, qolgani asosan albumin bilan kuchsiz bogʻlangan. Bioavailable = erkin + albumin bilan bogʻlangan.
  • Umumiy testosteron SHBG ga bogʻliq: SHBG semizlik, insulin rezistentligi, androgenlarda ↓; qarilik, jigar sirrozi, gipertireoz, estrogenlarda ↑. SHBG oʻzgarganda erkin testosteron baholanadi.
  • AUA 2018: tanqislik tashxisi simptomlar va ertalab ikki marta olingan past umumiy testosteronga (<300 ng/dL — maqbul chegara) asoslanadi.
  • 5α-reduktaza (2-tur: prostata, tashqi jinsiy aʼzolar, soch follikulalari; 1-tur: teri, jigar) testosteronni DHT ga aylantiradi: androgen retseptoriga yaqinligi yuqori, taʼsiri kuchli.
  • Aromataza (CYP19A1) testosteronni estradiolga aylantiradi (yogʻ toʻqimasi, moyak, miya); erkakda estradiolning katta qismi periferik aromatizatsiyadan hosil boʻladi.
  • Taʼsiri: libido, ereksiyaga modulyator rol, mushak va suyak massasi, eritropoez, spermatogenez, ikkilamchi jinsiy belgilar.
  • Katabolizm jigarda (glyukuronidlanish, sulfatlanish), metabolitlar siydik bilan chiqadi.
11

Ejakulyat tarkibi va manbalari

ManbaAsosiy tarkibiy qismlarKlinik ahamiyati
Moyak va moyak ortigʻi (~5–10 %) Spermatozoidlar, L-karnitin, neytral α-glyukozidaza Neytral α-glyukozidaza — epididim funksiyasi belgisi (obstruksiyada ↓)
Urugʻ pufakchalari (eng katta ulush, ~50–70 %) Fruktoza, semenogelin (koagulum), prostaglandinlar, askorbat; ishqoriy Fruktoza yoʻq, hajm kam, pH kislotali: CBAVD yoki ejakulyator yoʻl obstruksiyasini oʻylang
Prostata (~20–30 %) Limon kislotasi, rux, kislotali fosfataza, PSA, spermin PSA koagulumni suyultiradi (odatda 15–60 daqiqada)
Bulbouretral (Kouper) va uretral bezlar Shilimshiq tiniq suyuqlik Uretrani moylaydi va neytrallaydi; hajmga hissasi kichik
12

WHO 2021 (6-nashr): ejakulyatning pastki referens chegaralari

KoʻrsatkichPastki chegara (5-persentil)Izoh
Ejakulyat hajmi 1,4 mL Past hajm: toʻliq yigʻilmagan, obstruksiya, gipogonadizm
Jami spermatozoid soni 39 mln / ejakulyat Hajm va konsentratsiya koʻpaytmasi
Spermatozoid konsentratsiyasi 16 mln / mL Chegaradan past — oligozoospermiya
Umumiy harakatchanlik (PR + NP) 42 % Chegaradan past — astenozoospermiya
Progressiv harakatchanlik (PR) 30 % Toʻgʻri chiziqli yoki katta doiralarda harakat
Tirik spermatozoidlar 54 % Harakatchanlik past boʻlganda baholanadi
Normal morfologiya 4 % Chegaradan past — teratozoospermiya (qatʼiy mezonlar)
13

Spermogrammani sharhlash: terminlar va ogohlantirishlar

  • Terminlar: normozoospermiya; oligozoospermiya (soni kam); astenozoospermiya (harakatchanlik past); teratozoospermiya (normal shakl kam); azoospermiya (ejakulyatda spermatozoid yoʻq); kriptozoospermiya (faqat sentrifugadan keyin); aspermiya (ejakulyat yoʻq).
  • WHO 2021 chegaralari — hamkori 12 oy ichida homilador boʻlgan unumli erkaklar tanlamasining pastki 5-persentili; ular «fertil/infertil» chegarasi emas.
  • Jinsiy parhez 2–7 kun; tahlil kamida ikki marta oʻtkaziladi, chunki koʻrsatkichlar biologik jihatdan juda oʻzgaruvchan.
  • Namuna toʻliq yigʻilishi, laboratoriyaga bir soat ichida yetkazilishi va suyulish vaqti baholanishi shart.
  • Hajm ↓ + azoospermiya: retrograd ejakulyatsiya, ejakulyator yoʻl obstruksiyasi, CBAVD yoki gipogonadizm; pH, fruktoza va ejakulyatdan keyingi siydik tekshiriladi.
  • Leykotsitospermiya (>1 mln/mL) infeksiya yoki yalligʻlanishni koʻrsatishi mumkin, lekin yagona belgi emas.
  • Spermatozoid DNK fragmentatsiyasi — maxsus test; kundalik tashxis uchun majburiy emas, tanlangan holatlarda qoʻllanadi.
14

Gipogonadizm: gipergonadotrop va gipogonadotrop shakllar

  • Birlamchi (gipergonadotrop) gipogonadizm — moyak yetishmovchiligi: testosteron ↓ yoki chegarada, teskari aloqa yoʻqolgani uchun LH ↑ va FSH ↑. Misollar: Klinefelter sindromi (47,XXY), kriptorxizm, orxit, kimyoterapiya, nurlanish, travma, torsiya.
  • Ikkilamchi (gipogonadotrop) gipogonadizm — gipotalamus yoki gipofiz buzilishi: testosteron ↓, LH va FSH past yoki mos kelmaydigan «normal».
  • Gipogonadotrop sabablar: Kallmann sindromi (anosmiya + GnRH tanqisligi), gipofiz adenomasi, giperprolaktinemiya, gemoxromatoz, ekzogen androgenlar, opioidlar, ogʻir kasalliklar, semizlik va metabolik sindrom.
  • Kompensatsiyalangan shakl: testosteron normal, LH ↑ — subklinik Leydig yetishmovchiligi (koʻproq keksalarda).
  • Izolyatsiyalangan spermatogen yetishmovchilik: FSH ↑ (koʻpincha), LH va testosteron normal, moyak hajmi kichik.
  • Obstruktiv azoospermiyada spermatogenez saqlangan: moyak hajmi va FSH odatda normal.
  • Ikkilamchi gipogonadizmda gonadotropinlar bilan spermatogenezni tiklash mumkin; fertillikni istagan erkakka ekzogen testosteron berilmaydi.
15

Gormon profillari: ayirmali tashxis

HolatLH / FSHTestosteronIzoh
Birlamchi gipogonadizm (Klinefelter va b.) LH ↑ / FSH ↑ ↓ yoki chegarada Moyaklar kichik, qattiq; azoospermiya koʻp
Ikkilamchi gipogonadizm (Kallmann, gipofiz) LH ↓ / FSH ↓ ↓ Prolaktin, temir, gipofiz MRT; ekzogen androgenlarni istisno qiling
Izolyatsiyalangan spermatogen yetishmovchilik LH normal / FSH ↑ Normal Inhibin B ↓; Leydig funksiyasi saqlangan
Ekzogen testosteron / anabolik steroidlar LH ↓ / FSH ↓ Preparatga bogʻliq Moyak ichi testosteroni ↓; spermatogenez bostirilgan
Giperprolaktinemiya LH ↓ / FSH ↓ yoki normal ↓ Prolaktin ↑; libido ↓; gipofiz adenomasini istisno qiling
Obstruktiv azoospermiya Normal / normal Normal Moyak hajmi normal; hajm, pH, fruktoza tekshiriladi
16

FSH va inhibin B ni sharhlash

  • FSH spermatogen epiteliy holatini bilvosita aks ettiradi: yuqori FSH odatda germinativ epiteliy jiddiy shikastlanganini bildiradi (teskari aloqaning yoʻqolishi).
  • Normal FSH spermatogenez saqlanganini kafolatlamaydi (masalan, yetilish toʻxtashida FSH normal boʻlishi mumkin); faqat FSH asosida biopsiya natijasini ishonchli aytib boʻlmaydi.
  • Yuqori FSH spermani topish imkoniyatini toʻliq istisno qilmaydi: noobstruktiv azoospermiyada FSH baland boʻlsa ham ayrim erkaklarda moyakdan sperma ajratib olish mumkin.
  • Inhibin B Sertoli faoliyatini aks ettiradi va FSH bilan teskari bogʻliq; kundalik amaliyotda uning qoʻshimcha diagnostik qiymati cheklangan.
  • Past FSH va past LH + azoospermiya = gipogonadotrop gipogonadizm (davolanuvchi sabab); avval ekzogen androgen va anabolik steroid qabul qilinishini aniqlang.
  • Yuqori FSH + kichik moyak hajmi: birlamchi moyak yetishmovchiligi; azoospermiya yoki ogʻir oligozoospermiyada kariotip va Y-xromosoma mikrodeletsiyalari (AZF) tekshiriladi.
17

Algoritm: patologik spermogrammada gormonal baholash

  1. Anamnez: kriptorxizm, orxit/parotit, jarrohlik, kimyoterapiya, nurlanish, dorilar (androgenlar, opioidlar), libido va ereksiya.
  2. Obyektiv: moyak hajmi va qoʻyuqligi, varikotsele (tik turganda, Valsalva), urugʻ chiqaruv yoʻli, ikkilamchi jinsiy belgilar, anosmiya.
  3. Spermogramma (parhezdan 2–7 kun keyin) kamida ikki marta; azoospermiyada hajm, pH, fruktoza va sentrifugadan keyingi choʻkma baholanadi.
  4. Ertalabki gormonlar: umumiy testosteron, LH, FSH; testosteron past boʻlsa — prolaktin, takroriy testosteron va SHBG/erkin testosteron.
  5. Naqshni baholash: LH ↑, FSH ↑ — birlamchi; LH ↓, FSH ↓ — ikkilamchi (prolaktin, temir, gipofiz MRT); FSH ↑ + testosteron normal — izolyatsiyalangan spermatogen yetishmovchilik; hammasi normal + moyak hajmi normal — obstruksiya.
  6. Azoospermiya yoki ogʻir oligozoospermiyada kariotip va Y-mikrodeletsiyalar (AZF) tekshiriladi.
  7. Davolash yoʻnalishi: sababni bartaraf etish (dori, varikotsele); ikkilamchida gonadotropin terapiyasi (testosteronsiz); yordamchi reproduktiv texnologiyalar; genetik maslahat.
18

Asosiy klinik xulosalar

  • Spermatogenez — Sertoli hujayralari boshqaruvidagi uch bosqichli jarayon (mitoz, meyoz, spermiogenez); davomiyligi taxminan 74 kun, moyak ortigʻida yetilish yana bir necha kun.
  • Qon–moyak toʻsigʻi (Sertoli hujayralari orasidagi zich birikmalar) meyoz va spermiogenezdagi hujayralarni immun tizimidan ajratadi.
  • LH → Leydig → testosteron; FSH → Sertoli → spermatogenez va inhibin B. Spermatogenez uchun moyak ichi testosteroni zarur.
  • Teskari aloqa: testosteron va estradiol — LH hamda FSH ni, inhibin B — FSH ni bostiradi. Ekzogen androgenlar spermatogenezni bostiradi.
  • Umumiy testosteron SHBG ga bogʻliq; shubhada erkin testosteron baholanadi, tashxis ertalabki ikki oʻlchovga asoslanadi.
  • FSH ↑ — birlamchi spermatogen shikast; LH ↓, FSH ↓ + testosteron ↓ — gipogonadotrop (davolanadigan). Normal FSH spermatogenezni kafolatlamaydi.
  • WHO 2021 chegaralari — 5-persentil, fertillikning mutlaq chegarasi emas; spermogramma kamida ikki marta, taʼsir oʻzgargach taxminan 3 oydan keyin takrorlanadi.
19

Bilimni tekshirish

1Qon–moyak toʻsigʻi qaysi hujayralar orasidagi zich birikmalardan hosil boʻladi?
  1. Leydig hujayralari
  2. Sertoli hujayralari
  3. Peritubulyar miyoid hujayralar
  4. Spermatogoniyalar

Javob: B. Toʻsiqni qoʻshni Sertoli hujayralari orasidagi zich birikmalar hosil qiladi; u epiteliyni bazal va adlyuminal boʻlimlarga ajratadi.

2Odamda spermatogenezning umumiy davomiyligi taxminan qancha?
  1. 16 kun
  2. 35 kun
  3. 74 kun
  4. 120 kun

Javob: C. Taxminan 74 kun; moyak ortigʻidagi tranzit bilan birga ~3 oy, shuning uchun nazorat spermogrammasi shu muddatdan keyin baholanadi.

3Qaysi gormon Sertoli hujayralaridan ajralib FSH sekretsiyasini tanlab bostiradi?
  1. Inhibin B
  2. Estradiol
  3. Prolaktin
  4. Antimyuller gormon
  5. Aktivin

Javob: A. Inhibin B gipofizdagi FSH ni tanlab bostiradi; spermatogenez susaysa inhibin B kamayadi va FSH oshadi.

4Azoospermiya, kichik moyaklar, LH va FSH yuqori, testosteron past. Eng ehtimoliy holat?
  1. Obstruktiv azoospermiya
  2. Ikkilamchi (gipogonadotrop) gipogonadizm
  3. Birlamchi (gipergonadotrop) gipogonadizm
  4. Giperprolaktinemiya

Javob: C. Moyak yetishmovchiligida teskari aloqa yoʻqolgani sababli gonadotropinlar oshadi; Klinefelter sindromi tipik misol.

5Ekzogen testosteron spermatogenezni qanday bostiradi?
  1. Sertoli hujayralarini bevosita yoʻq qiladi
  2. LH ni bostirib moyak ichi testosteronini kamaytiradi
  3. FSH retseptorlarini bloklaydi
  4. Inhibin B ni oshiradi

Javob: B. Manfiy teskari aloqa LH ni pasaytiradi, moyak ichi testosteroni kamayadi; taʼsir odatda qaytar.

·

Adabiyotlar

  • WHO laboratory manual for the examination and processing of human semen, 6th edition, 2021
  • EAU Guidelines on Sexual and Reproductive Health, 2024
  • AUA/ASRM Male Infertility, 2020
  • AUA Testosterone Deficiency, 2018
  • Guyton and Hall Textbook of Medical Physiology, 14th ed., 2020
  • Williams Textbook of Endocrinology, 14th ed., 2020
  • Ross & Pawlina Histology: A Text and Atlas, 8th ed., 2020
  • Campbell-Walsh-Wein Urology, 12th ed., 2020

Taqdimot taʼlim maqsadida tayyorlangan. Klinik qarorlar amaldagi klinik tavsiyalar va bemorning holatiga asoslanishi kerak. Foydalanganda muallifni va sayt manzilini koʻrsating.

PPTX yuklab olish (516 KB)

Shu boʻlimdagi boshqa taqdimotlar

Qabulga yozilish