Dautov Androlog · Toshkent
UZ RU Qabulga yozilishYozilish

● Urologiya · Talaba va shifokorlar uchun

Neyrogen pufak: tasnif, tashxis, davolash va kuzatuv

Neyrogen pastki siydik yoʻllari disfunksiyasi: sabablar, lezyon darajasi va urodinamik shakllar, yuqori yoʻllarga xavf, baholash, SIK, dorilar, botulotoksin, jarrohlik va avtonom disrefleksiya. Talaba va shifokorlar uchun.

Muallif: Davron Dautov, androlog-urolog · Toshkent

27 slayd · 441 KB · PowerPoint (.pptx)

Taqdimotning birinchi slaydi: Neyrogen pufak: tasnif, tashxis, davolash va kuzatuv
01

Taqdimot maqsadlari

  • Neyrogen pastki siydik yoʻllari disfunksiyasini (NLUTD) taʼriflash va asosiy sabablarini (orqa miya jarohati, koʻp skleroz, Parkinson, insult, spina bifida, diabet, tos operatsiyalari) sanash
  • Lezyon darajasi (suprapontin, suprasakral, sakral) va urodinamik shakllar (NDO, DSD, detrusor yetishmovchiligi) oʻrtasidagi bogʻliqlikni tushuntirish
  • Yuqori siydik yoʻllari uchun xavf omillarini (yuqori bosim, VUR, SYI, toshlar) bilish; baholash rejasini tuzish
  • Davolash maqsadlarini va bosqichlarini bayon qilish: SIK, antimuskarin va β3-agonist, onabotulinumtoxinA, sfinkter aralashuvlari, neyromodulyatsiya, rekonstruktiv jarrohlik
  • Avtonom disrefleksiyani shoshilinch holat sifatida tanib, birinchi yordamni bilish; umrbod kuzatuv tamoyillarini tushuntirish
02

Taʼrif, ICD-10 va dolzarblik

  • Neyrogen pastki siydik yoʻllari disfunksiyasi (NLUTD, neurogenic bladder) — nerv tizimi kasalligi yoki jarohati tufayli saqlash va boʻshatish funksiyalarining buzilishi. ICD-10: N31 (N31.0 — inhibitsiyalanmagan, N31.1 — reflektor, N31.2 — boʻshashgan pufak).
  • Klinika turlicha: urgensiya, siydik tutolmaslik, retensiya, takroriy SYI; u lezyon darajasi va turiga bogʻliq, lekin shikoyatlar urodinamik holatni har doim aks ettirmaydi.
  • Asosiy xavf — pufak ichidagi yuqori bosim va buyrak shikastlanishi: tarixan orqa miya jarohatida buyrak yetishmovchiligi oʻlim sabablaridan biri boʻlgan; zamonaviy nazorat bilan kamaygan.
  • Orqa miya jarohati, koʻp skleroz, Parkinson kasalligi, insult, spina bifida va diabetli bemorlarda keng tarqalgan; koʻp nevrologik bemorlarda pastki siydik yoʻllari simptomlari muhim, ammo koʻpincha eʼtiborsiz qoladi.
  • Davolash maqsadi: yuqori yoʻllarni himoya qilish, siydik tutishni taʼminlash, hayot sifatini yaxshilash (EAU tavsiyalari).
03

Siyishning nevrologik boshqaruvi (qisqacha)

  • Saqlash fazasi: simpatik nerv (T10–L2, gipogastrik nerv) — detrusor β3-retseptorlari orqali boʻshashadi, pufak boʻyni α1-retseptorlari orqali toraytiriladi; tashqi sfinkter somatik pudendal nerv (Onuf yadrosi, S2–S4) orqali qisqaradi.
  • Boʻshatish fazasi: parasimpatik (S2–S4, chanoq nervi) — muskarin M3-retseptorlari orqali detrusor qisqaradi, sfinkter boʻshashadi.
  • Koordinatsiya markazi — koʻprik siyish markazi (pontine micturition centre, Barrington yadrosi): detrusor qisqarishi va sfinkter boʻshashishini sinxronlaydi; periakveduktal kulrang modda va frontal qobiq siyishni nazorat qiladi va tormozlaydi.
  • Afferent signallar chanoq, gipogastrik va pudendal nervlar orqali orqa miyaga va miyaga boradi (pufak toʻlishi sezgisi).
  • Lezyon qaysi markaz yoki yoʻlni uzishiga qarab, disfunksiya turini taxmin qilish mumkin (lekin urodinamikasiz aniq emas).
  • Normal siyish: pufak toʻlishi sezgisi, ixtiyoriy qaror, detrusor qisqarishi bilan bir vaqtda sfinkter boʻshashishi.
04

Neyrogen pufak sabablari

GuruhMisollarXos disfunksiya
Bosh miya (suprapontin) Insult, Parkinson kasalligi, demensiya, bosh miya jarohati va oʻsmasi, serebral falaj, gidrosefaliya Detrusor giperfaolligi; koordinatsiya saqlangan
Orqa miya (suprasakral) Orqa miya jarohati, koʻp skleroz, transvers mielit, spinal oʻsma, servikal mielopatiya Detrusor giperfaolligi + detrusor-sfinkter dissinergiyasi
Sakral va infrasakral Kauda ekvina, disk churrasi, sakral agenez Detrusor yetishmovchiligi yoki areflekssiya, sfinkter zaif
Periferik va avtonom nervlar Diabetik neyropatiya, tos operatsiyalari (radikal gisterektomiya, rektal jarrohlik, prostatektomiya), gerpes zoster Sezgi pasayishi, detrusor yetishmovchiligi
Tugʻma Spina bifida (mielomeningotsele), tethered cord Turli daraja; bolalarda erta nazorat shart
Progressiv aralash Koʻp skleroz, multisistemali atrofiya, diabet Bir necha daraja, vaqt oʻtishi bilan oʻzgaradi
05

Lezyon darajasi va urodinamik shakllar

DarajaUrodinamik shaklKlinik koʻrinishYuqori yoʻl xavfi
Suprapontin (insult, Parkinson) Detrusor giperfaolligi (NDO); koordinatsiya saqlangan Urgensiya, tez-tez siyish, urge-inkontinensiya; PVR odatda kam Past; yiqilish va kognitiv xavf
Suprasakral (orqa miya jarohati, koʻp skleroz) NDO + detrusor-sfinkter dissinergiyasi (DSD) Urgensiya, inkontinensiya va retensiya birga, PVR ortadi YUQORI: yuqori bosim, VUR, gidronefroz
Sakral va infrasakral (kauda ekvina) Detrusor yetishmovchiligi yoki areflekssiya; sfinkter zaif Retensiya + overflow, stress-inkontinensiya, sezgi kam Past komplians, SYI
Orqa miya shoki (jarohatdan keyin) Vaqtinchalik detrusor areflekssiyasi Retensiya haftalar–oylar, keyin refleks tiklanadi Haddan tashqari choʻzilish; erta kateter
Diabetik sistopatiya Sezgi pasayishi + detrusor yetishmovchiligi Siyish kam, PVR katta, overflow Infeksiya; buyrak xavfi oʻrtacha
Koʻp skleroz Koʻpincha NDO ± DSD, baʼzan yetishmovchilik Urgensiya, retensiya, aralash; kasallik bilan oʻzgaradi Lezyon rivojlanishi bilan oʻzgaradi
06

Yuqori siydik yoʻllari uchun xavf

  • Asosiy urodinamik xavf omillari: yuqori detrusor bosimi (saqlash va boʻshatish fazasida), past komplians (pufak devori sustligi), detrusor-sfinkter dissinergiyasi (DSD), vezikoureteral reflyuks (VUR).
  • Detrusor sizish nuqtasi bosimi (DLPP) taxminan 40 sm suv ust. dan yuqori boʻlsa, yuqori yoʻllar shikastlanishi xavfi ortadi (McGuire).
  • Natijalar: VUR, gidronefroz, pielonefrit, buyrak chandiqlari va surunkali buyrak kasalligi.
  • Takroriy SYI va urosepsis: katta qoldiq hajm, kateterlar, VUR; bakteriuriya koʻp uchraydi, lekin belgisiz bakteriuriya davolanmaydi.
  • Toshlar: ureaza ishlab chiqaruvchi bakteriyalar (Proteus), uzoq muddatli kateter va immobilizatsiya — struvit va boshqa toshlar (EAU Urolithiasis).
  • Uzoq muddatli ozod kateter: uretra eroziyasi, pufak toshlari, yillar oʻtib pufak saratoni (yassi hujayrali) xavfi.
  • Mushak massasi kam bemorlarda kreatinin buyrak funksiyasini ortiqcha baholaydi — sistatin C yoki boshqa usullar.
07

Klinik koʻrinish va xos holatlar

  • Orqa miya jarohati: dastlab orqa miya shoki (haftalar–oylar) — detrusor areflekssiyasi, retensiya; keyin lezyon darajasiga qarab refleks (NDO ± DSD) yoki areflekssiya.
  • Koʻp skleroz: koʻpchilik bemorlarda pastki siydik yoʻllari simptomlari rivojlanadi; urgensiya, retensiya, aralash shakl; kasallik bilan oʻzgaradi.
  • Parkinson kasalligi: asosan urgensiya, noktyuriya va tez-tez siyish (NDO); multisistemali atrofiyada erta va ogʻir retensiya yoki inkontinensiya.
  • Insult: dastlab retensiya, keyin urgensiya va urge-inkontinensiya; harakat va kognitiv komponentlar muhim.
  • Spina bifida: tugʻma, turli daraja; bolalarda erta SIK va dori davosi bilan yuqori yoʻllarni himoya qilish (EAU Paediatric Urology).
  • Diabetik sistopatiya: asta-sekin sezgi pasayishi, siyish kamayishi, katta PVR, overflow.
  • Hamroh: ichak va jinsiy funksiya buzilishi, spastiklik, avtonom disrefleksiya (T6 va yuqori lezyonlarda).
08

Baholash: anamnez, siyish kundaligi, koʻrik

  • Anamnez: nevrologik kasallik turi va davomiyligi, siydik shikoyatlari, siyish usuli, kateterizatsiya, inkontinensiya, SYI soni, oldingi operatsiyalar, dorilar.
  • Ichak va jinsiy funksiya, qoʻl funksiyasi (SIK uchun), kognitiv holat, harakatchanlik, ijtimoiy yordam.
  • Siyish kundaligi (odatda 3 kun): siyish soni, hajmi, inkontinensiya epizodlari, ichilgan suyuqlik, kateterlash hajmlari.
  • Obyektiv: qorin (toʻla pufak), perineal sezgi, anal sfinkter tonusi, bulbokavernoz va anal reflekslar, spastiklik, oyoq kuchi, qoʻl funksiyasi.
  • Tashqi jinsiy aʼzolar va uretra holati (SIK uchun muhim), ayollarda prolaps.
  • Siydik tahlili; belgisiz bakteriuriya skrining qilinmaydi; SYI gumonida ekma.
  • Nevrogen bemorda SYI belgilari atipik: isitma, spastiklik kuchayishi, avtonom disrefleksiya, bezovtalik, inkontinensiya kuchayishi, loyqa siydik.
09

Laborator va instrumental tekshiruvlar

  • Qon: kreatinin, eGFR (mushak massasi kam boʻlsa sistatin C), elektrolitlar.
  • Buyrak va pufak ultratovushi: gidronefroz, toshlar, pufak devori qalinlashuvi, trabekulyatsiya, divertikul, qoldiq hajm (PVR).
  • Urodinamika (toʻldirish sistometriyasi + bosim-oqim): NDO, komplians, DLPP, DSD, sezgi; pastki yoʻl funksiyasini aniqlashning asosiy usuli.
  • Videourodinamika: VUR, DSD, divertikul va pufak boʻyni holatini bir vaqtda koʻrsatadi — xavfi yuqori bemorlarda afzal.
  • Uroflowmetriya va PVR — skrining; sistoskopiya — gematuriya, uzoq kateter, oʻsma gumonida.
  • DMSA stsintigrafiyasi (chandiqlar) va renografiya — buyrak funksiyasi va shikastlanishini baholash; VUR uchun mikturatsion sistouretrografiya (videourodinamika boʻlmasa).
  • Urodinamika paytida pufak toʻldirilishi T6 va yuqori lezyonlarda avtonom disrefleksiyani qoʻzgʻatishi mumkin: qon bosimini kuzating.
10

Davolash maqsadlari va umumiy yondashuv

  • 1-ustuvor maqsad: yuqori siydik yoʻllarini himoya qilish — past pufak bosimi, VUR, gidronefroz, urosepsis va toshlarning oldini olish.
  • 2-maqsad: siydik tutishni (kontinensiya) taʼminlash va bemor uchun maqbul boʻshatish usuli.
  • 3-maqsad: hayot sifati, mustaqillik, ijtimoiy faollik; bemor afzalliklari, qoʻl funksiyasi va kognitiv holat hisobga olinadi.
  • Saqlash fazasida detrusor bosimini kamaytirish: antimuskarin, β3-agonist, botulotoksin, jarrohlik.
  • Pufakni boʻshatish: toʻliq boʻshatishga erishish uchun SIK; ixtiyoriy siyish faqat past bosim bilan; Credé va Valsalva (tashqi bosim) yuqori bosim tufayli tavsiya etilmaydi.
  • DSD bor erkaklarda reflektor boʻshatish va kondom-kateter faqat bosim past boʻlsa yoki sfinkterotomiyadan keyin xavfsiz.
  • Davolash multidisiplinar (urolog, nevrolog, reabilitolog, hamshira) va muntazam qayta baholanadi.
11

Sof intermittirlovchi kateterizatsiya (SIK)

  • SIK (CIC, Lapides) — asosiy usul: pufakni past bosim bilan toʻliq va davriy boʻshatadi, yuqori yoʻllarni himoya qiladi.
  • Chastotasi odatda kuniga bir necha marta (koʻpincha 4–6); maqsad — pufak hajmi qulay chegaradan oshmasligi (shaxsiy sigʻimga qarab).
  • Bemor yoki yaqin odam oʻrgatiladi; steril emas, sof (toza) texnika, gigiyena.
  • Gidrofil qoplamali kateterlar uretra mikrotravmasini kamaytirishi mumkin; SYI kamayishi dalillari aralash.
  • Toʻsiqlar: qoʻl funksiyasi, kognitiv buzilish, ayollarda semizlik va spastiklik, uretra anomaliyasi, motivatsiya — oʻrgatish va yordam kerak.
  • Muqobillar: Mitrofanoff (kontinent kateterlanadigan kanal), suprapubik kateter; uzoq muddatli uretral kateter — oxirgi chora.
  • Uzoq muddatli ozod kateter: SYI, toshlar, uretra eroziyasi, saraton xavfi; suprapubik drenaj uretral kateterdan afzalroq.
  • SIK asoratlari: uretra shikasti, striktura, SYI, toshlar.
12

Dori davosi: antimuskarin va β3-agonistlar

  • Antimuskarinlar (oksibutinin, tolterodin, solifenatsin, fezoterodin, trospiy, darifenatsin, propiverin) — NDO ning birinchi qator dori davosi; dozalar idiopatik OAB dan yuqori yoki kombinatsiyalar mumkin.
  • Nojoʻya taʼsirlar: quruq ogʻiz, qabziyat (nevrogen bemorda ayniqsa muhim), xira koʻrish, taxikardiya, kognitiv buzilish (markaziy taʼsir; trospiy kamroq oʻtadi).
  • Qarshi koʻrsatmalar: tor burchakli glaukoma, oshqozon retensiyasi, miasteniya; PVR ni oshiradi — SIK ga tayyorgarlik shart.
  • β3-agonistlar (mirabegron, vibegron) — muqobil yoki antimuskarinlarga qoʻshimcha; antixolinergik yuki yoʻq.
  • Oksibutinin intravezikal instillyatsiyasi SIK qiluvchilarda tizimli nojoʻya taʼsirlarni kamaytirishi mumkin.
  • α-blokatorlar: DSD va pufak boʻyni obstruksiyasida dalillar cheklangan; ortostatik gipotenziya xavfi.
  • Desmopressin — tungi poliuriyada (masalan, koʻp skleroz) natriy nazorati bilan.
  • Samarasizlik yoki toqatsizlik — keyingi bosqich: botulotoksin.
13

Botulotoksin va sfinkter aralashuvlari

  • Intradetrusor onabotulinumtoxinA inyeksiyalari: sistoskop orqali detrusorning koʻp nuqtasiga; antimuskarinlarga javobsiz yoki toqat qilmaydigan NDO (orqa miya jarohati, koʻp skleroz) uchun.
  • Taʼsir taxminan 6–9 oy; takrorlash mumkin; NDO uchun doza idiopatik OAB dozasidan yuqori (ishlab chiqaruvchi yoʻriqnomasiga muvofiq).
  • Xavf: siydik retensiyasi (SIK ga tayyorlik shart), SYI, gematuriya; antitelo hosil boʻlishi kam.
  • Tashqi uretral sfinkterga botulotoksin (DSD da) — vaqtinchalik muqobil.
  • Sfinkterotomiya (transuretral kesma): DSD bor erkaklarda pufak bosimini kamaytiradi; keyin kondom-kateter drenaji; xavf: qon ketish, erektil disfunksiya, qayta stenoz, takroriy amaliyot.
  • Uretral stentlar: sfinkterotomiya muqobili; migratsiya, enkrustatsiya xavfi, dalillar cheklangan.
  • Sfinkter zaif (stress-inkontinensiya): sling yoki sunʼiy sfinkter — ehtiyotkorlik bilan, past komplians nazorat qilingan va SIK imkoni boʻlsa.
14

Neyromodulyatsiya va rekonstruktiv jarrohlik

  • Sakral neyromodulyatsiya (SNM): S3 nerv stimulyatsiyasi; NLUTD da qoʻllanishi cheklangan — asosan toʻliqsiz lezyonlar, saqlangan sakral reflektor yoy, barqaror kasallik; sinov bosqichi va MRT bilan moslik muhim.
  • Sakral oldingi ildizlar stimulyatsiyasi (Brindley) + dorsal rizotomiya — toʻliq orqa miya jarohatida, kam, ixtisoslashgan markazda.
  • Augmentatsion enterosistoplastika: past komplians yoki yuqori bosimli NDO, antimuskarin va botulotoksin samarasiz boʻlsa; ± Mitrofanoff yoki Monti kanali SIK uchun.
  • Augmentatsiya asoratlari: shilimshiq, toshlar, SYI, metabolik atsidoz (giperxloremik), B12 tanqisligi, perforatsiya, uzoq muddatda displaziya yoki saraton xavfi — umrbod kuzatuv.
  • Siydik derivatsiyasi (ileal konduit): SIK qila olmaydigan, uretra shikastlangan, ogʻir qoʻl disfunksiyasi, bosim yarasi yoki ogʻir yuqori yoʻl shikastlanishi bor bemorlarda.
  • Kam qoʻllanadi: avtoaugmentatsiya (detrusor miektomiyasi), denervatsiya usullari.
  • Qaror multidisiplinar, bemor yoʻriqnomasi asosida; jarrohlikdan oldin urodinamika.
15

Neyrogen pufakni davolash: bosqichma-bosqich algoritm

  1. Anamnez, nevrologik koʻrik, siyish kundaligi; buyrak funksiyasi (kreatinin, eGFR), buyrak va pufak ultratovushi, siydik tahlili.
  2. Urodinamika (videourodinamika): NDO, DSD, komplians, DLPP, PVR; yuqori yoʻl xavfini baholash.
  3. Xavf yuqori (yuqori bosim, DSD, VUR, gidronefroz) boʻlsa — bosimni darhol pasaytirish: SIK + antimuskarin ± β3-agonist.
  4. Boʻshatish: SIK (qoʻl funksiyasi bor); imkonsiz boʻlsa — yordamchi SIK, Mitrofanoff, suprapubik kateter; ixtiyoriy siyish faqat past bosim bilan.
  5. Samarasizlik yoki toqatsizlik: intradetrusor onabotulinumtoxinA (SIK ga tayyorlik); DSD da — sfinkterotomiya yoki sfinkter botulotoksini (erkaklarda).
  6. Refrakter holat: sakral neyromodulyatsiya (tanlangan), augmentatsion sistoplastika ± kanal, siydik derivatsiyasi.
  7. Doimiy kuzatuv: urodinamika, ultratovush, kreatinin; SYI va toshlar nazorati; T6 va yuqori lezyonlarda avtonom disrefleksiya haqida oʻqitish.
16

Avtonom disrefleksiya: shoshilinch holat

  • Avtonom disrefleksiya (AD): T6 va undan yuqori orqa miya lezyonlarida lezyondan pastdagi noxush qoʻzgʻatuvchiga simpatik reaksiya — keskin gipertenziya.
  • Qoʻzgʻatuvchilar: toʻlib ketgan pufak (kateter tiqilishi yoki buklanishi, SIK kechikishi) va ichak (qabziyat) eng tez-tez; shuningdek SYI, toshlar, bosim yaralari, oʻsib kirgan tirnoq, sistoskopiya va urodinamika, jinsiy aloqa, tugʻruq.
  • Belgilar: bazal bosimdan keskin oshish (orqa miya jarohatida bazal bosim past), pulsatsiyalanuvchi bosh ogʻrigʻi, lezyondan yuqorida terlash va qizarish, pastda rangparlik, burun bitishi, bradikardiya, xira koʻrish, xavotir.
  • Asoratlar: gipertonik kriz, miyaga qon quyilishi, tutqanoq, aritmiya, retinaga qon quyilishi, oʻlim.
  • Birinchi yordam: bemorni oʻtqazing (oyoqlarni tushiring), siquvchi kiyim va bandajni yeching; qon bosimini har 2–5 daqiqada oʻlchang.
  • Qoʻzgʻatuvchini toping va bartaraf qiling: avval pufak (kateterni tekshirish, yuvish yoki almashtirish; kateter yoʻq boʻlsa lidokain gel bilan kateterizatsiya), keyin ichak (anestetik gel bilan tekshirish va boʻshatish).
  • Bosim yuqori saqlansa: tez taʼsir qiluvchi antigipertenziv (nitrat, nifedipinning tez taʼsirli shakli, kaptopril) — mahalliy protokol boʻyicha; PDE5 ingibitori qabul qilingan boʻlsa nitratlar mumkin emas.
  • Profilaktika: ogʻriqli muolajalarda mahalliy anestetik gel va monitoring; bemor va yaqinlarni oʻqitish, AD kartasi.
17

Uzoq muddatli kuzatuv va SYI

  • Nazorat umrbod; muntazam klinik baholash, xavf yuqori boʻlsa tez-tez.
  • Kuzatuvda: kreatinin/eGFR, buyrak va pufak ultratovushi; urodinamika — davo yoki simptomlar oʻzgarganda va davriy ravishda.
  • Oraliq xavfga bogʻliq: yuqori xavf (DSD, yuqori bosim, VUR) — tez-tez; barqaror past xavf — kamroq.
  • Uzoq muddatli kateterda: toshlar va gematuriya skrining; sistoskopiya (yassi hujayrali pufak saratoni xavfi) — shaxsiy xavfga qarab.
  • SYI belgilari atipik boʻlishi mumkin (isitma, spastiklik, AD, bezovtalik, inkontinensiya); belgisiz bakteriuriyani davolamang (EAU Urological Infections).
  • SYI profilaktikasi: toʻliq boʻshatish, gidratatsiya, kateter gigiyenasi; muntazam antibiotik profilaktikasi odatda tavsiya etilmaydi.
  • Toshlar: gidratatsiya, infeksiyani davolash, kateterni oʻz vaqtida almashtirish.
  • Bemor oʻqitish: SIK texnikasi, AD belgilari, qachon murojaat qilish; ichak va jinsiy funksiyalar.
18

Asosiy klinik xulosalar

  • Neyrogen pufakda asosiy xavf — yuqori pufak bosimi va buyrak shikastlanishi; birinchi maqsad yuqori yoʻllarni himoya qilish.
  • Lezyon darajasi urodinamik shaklni belgilaydi: suprapontin — NDO; suprasakral — NDO + DSD (yuqori xavf); sakral — detrusor yetishmovchiligi; lekin tashxis urodinamika bilan tasdiqlanadi.
  • Baholash: kundalik, buyrak funksiyasi, ultratovush, urodinamika yoki videourodinamika, PVR.
  • SIK — asosiy boʻshatish usuli; Credé va Valsalva tavsiya etilmaydi; uzoq muddatli ozod kateter oxirgi chora.
  • Dori davosi: antimuskarin ± β3-agonist; samarasiz boʻlsa onabotulinumtoxinA; refrakter holatda neyromodulyatsiya, augmentatsiya yoki derivatsiya.
  • Avtonom disrefleksiya (T6 va yuqori) — shoshilinch holat: oʻtqazish, siquvchi kiyimni yechish, pufak va ichakni tekshirish, kerak boʻlsa antigipertenziv.
  • Umrbod kuzatuv; belgisiz bakteriuriya davolanmaydi, SYI belgilari atipik boʻlishi mumkin.
19

Oʻzini tekshirish

1Suprasakral orqa miya lezyonida (masalan, T8 jarohati) qaysi urodinamik shakl odatiy?
  1. Faqat past tonusli detrusor yetishmovchiligi
  2. Detrusor giperfaolligi va detrusor-sfinkter dissinergiyasi
  3. Normal siyish
  4. Faqat stress-inkontinensiya

Javob: B. Koʻprik siyish markazi bilan sakral markaz oʻrtasidagi aloqa uzilgani uchun NDO va DSD birga uchraydi, bu yuqori yoʻllar uchun xavfli.

2Yuqori siydik yoʻllari uchun xavfni qaysi urodinamik omil belgilaydi?
  1. Past maksimal oqim tezligi yolgʻiz
  2. Siyish chastotasi
  3. Yuqori detrusor bosimi (DLPP taxminan 40 sm suv ust. dan yuqori) va past komplians
  4. Siydik rangi

Javob: C. Yuqori saqlash va boʻshatish bosimi VUR, gidronefroz va buyrak shikastlanishiga olib keladi.

3NLUTD da pufakni boʻshatishning asosiy usuli qaysi?
  1. Sof intermittirlovchi kateterizatsiya (SIK)
  2. Credé usuli
  3. Valsalva bilan kuchanish
  4. Doimiy uretral kateter

Javob: A. SIK pufakni past bosim bilan toʻliq boʻshatadi; Credé va Valsalva bosimni oshiradi, ozod kateter esa asoratlarga olib keladi.

4Antimuskarinlarga javobsiz NDO, bemor SIK qila oladi. Keyingi qadam qaysi?
  1. Darhol siydik derivatsiyasi
  2. Suyuqlikni cheklash
  3. Doimiy uretral kateter
  4. Intradetrusor onabotulinumtoxinA inyeksiyalari (SIK ga tayyorlik bilan)

Javob: D. Botulotoksin antimuskarinlar samarasiz boʻlganda keyingi qator; asosiy xavf — retensiya, shuning uchun SIK ga tayyorlik shart.

5T4 jarohatli bemorda kateter tiqilgan, kuchli bosh ogʻrigʻi, qon bosimi 190/110. Birinchi qadam?
  1. Bemorni yotqizib kuzatish
  2. Antibiotik buyurish
  3. Bemorni oʻtqazish, siquvchi kiyimni yechish va pufak/kateterni tekshirish (avtonom disrefleksiya)
  4. Diuretik berish

Javob: C. Bu avtonom disrefleksiya: eng tez-tez sabab — pufak toʻlishi; qoʻzgʻatuvchini bartaraf etish asosiy davo.

·

Adabiyotlar

  • EAU Guidelines on Urinary Incontinence in Adults, 2024
  • EAU Guidelines on Urological Infections, 2024
  • EAU Guidelines on Urolithiasis, 2024
  • EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2024
  • Campbell-Walsh-Wein Urology, 12th ed., 2020
  • Smith & Tanagho's General Urology, 19th ed., 2020
  • Guyton and Hall Textbook of Medical Physiology, 14th ed., 2020
  • ICD-10 (WHO)

Taqdimot taʼlim maqsadida tayyorlangan. Klinik qarorlar amaldagi klinik tavsiyalar va bemorning holatiga asoslanishi kerak. Foydalanganda muallifni va sayt manzilini koʻrsating.

PPTX yuklab olish (441 KB)

Shu boʻlimdagi boshqa taqdimotlar

Qabulga yozilish