Dautov Androlog · Toshkent
UZ RU Qabulga yozilishYozilish

● Urologiya · Talaba va shifokorlar uchun

Enurez va bolalarda siyish disfunksiyasi

ICCS taʼriflari, enurez patofiziologiyasi (tungi poliuriya, pufak sigʻimi, uygʻonish), baholash, hamroh holatlar, alarm va desmopressin bilan davolash, kunduzgi LUTS va BBD. Talaba va shifokorlar uchun.

Muallif: Davron Dautov, androlog-urolog · Toshkent

27 slayd · 414 KB · PowerPoint (.pptx)

Taqdimotning birinchi slaydi: Enurez va bolalarda siyish disfunksiyasi
01

Taqdimot maqsadlari

  • Enurezni ICCS boʻyicha taʼriflash; monosimptomatik va nomonosimptomatik, birlamchi va ikkilamchi shakllarni farqlash
  • Patofiziologiyani tushuntirish: tungi poliuriya (ADH yetishmovchiligi), pufak sigʻimining kamayishi va uygʻonish buzilishi
  • Baholash rejasini tuzish: anamnez, siydik kundaligi, siydik tahlili, umurtqa va genitaliya koʻrigi, USG koʻrsatmalari
  • Hamroh holatlarni (qabziyat, DEHB, OSA) aniqlash va davolash ahamiyatini tushuntirish
  • Davolashni bosqichma-bosqich rejalashtirish: urotreapiya, alarm, desmopressin, antixolinergik qoʻshimcha davo
  • Kunduzgi LUTS va BBD ni davolash, qizil bayroqlarni tanish va ota-onani maslahatlash
02

Taʼrif, ICD-10 va epidemiologiya

  • Enurez (enuresis) — ICCS taʼrifiga koʻra, uyqu paytida siydikning takrorlanuvchi, beixtiyor chiqib ketishi; tashxis 5 yoshdan keyin qoʻyiladi.
  • ICCS minimal mezoni: kamida oyiga bir marta, 3 oy davomida. Kunduzgi siydik tutolmaslik alohida atama bilan (daytime incontinence) belgilanadi.
  • ICD-10: F98.0 — noorganik tabiatli enurez. Organik sabab (diabet, neyrogen pufak va boshqalar) aniqlansa, asosiy kasallik tashxisi qoʻyiladi.
  • 5–7 yoshda keng tarqalgan, bolalar urologiyasida eng koʻp uchraydigan muammolardan; oʻgʻil bolalarda koʻproq.
  • Yosh bilan har yili bolalarning bir qismi oʻz-oʻzidan quruq boʻladi; oz qismida balogʻat va kattalikda saqlanadi.
  • Oilaviy moyillik kuchli: ota-onadan birida yoki ikkalasida enurez boʻlgan boʻlsa, bolada xavf yuqori.
03

ICCS atamalari va tasnifi

AtamaTaʼrifKlinik ahamiyati
Monosimptomatik enurez (MNE) Faqat tungi siydik tutolmaslik; kunduzgi LUTS va pufak disfunksiyasi anamnezi yoʻq Eng koʻp uchraydi; asosan alarm yoki desmopressin
Nomonosimptomatik enurez (NMNE) Enurez va kunduzgi LUTS: shoshilinch istak, tez-tez yoki kam siyish, ushlab turish, zaif oqim Avval kunduzgi simptomlarni davolang; urotreapiya
Birlamchi enurez Bola hech qachon kamida 6 oy davomida quruq boʻlmagan Koʻpincha rivojlanish kechikishi va genetik omil
Ikkilamchi enurez Kamida 6 oylik quruq davrdan keyin qaytalangan Sababni izlang: SYI, diabet, qabziyat, stress, OSA
Kunduzgi siydik tutolmaslik Uygʻoq paytda beixtiyor siydik chiqishi Alohida baholanadi; BBD bilan bogʻliq
04

Patofiziologiya: uchta asosiy mexanizm

  • Enurez uch mexanizmning birgalikdagi taʼsirida yuzaga keladi: tungi poliuriya, pufakning funksional sigʻimi kamayishi (yoki tungi detrusor giperfaolligi), uygʻonish chegarasining yuqoriligi.
  • Tungi poliuriya: kechasi ADH (vazopressin) sekretsiyasining normal oshishi yetarli emas yoki buyrak ADH ga sust javob beradi, shuning uchun tungi siydik hajmi katta va osmolyalligi past.
  • Pufak: sigʻimi nisbatan kichik yoki tungi detrusor giperfaolligi tufayli siydik pufagi uyquda oʻz-oʻzidan boʻshaladi.
  • Uygʻonish: bola pufak toʻlganida uygʻonmaydi — gap «chuqur uyqu»da emas, balki pufak signaliga javob beruvchi uygʻonish mexanizmining buzilishida.
  • Qoʻshimcha omillar: qabziyat, genetik moyillik, OSA, kechqurun koʻp suyuqlik va kofein, tuz yukining koʻpligi.
  • Pufak nazoratining yetilishi kechikishi — koʻp bolada yosh bilan oʻtib ketishining asosi.
05

Tungi poliuriya va pufak sigʻimi: hisob-kitob

  • Kutilgan pufak sigʻimi (EBC): [yosh (yil) + 1] × 30 ml (12 yoshgacha). Masalan, 7 yoshda taxminan 240 ml.
  • Kichik pufak sigʻimi (ICCS): ertalabki birinchi siyishdan tashqari, eng katta siyish hajmi EBC ning taxminan 65% idan kam.
  • Tungi poliuriya (ICCS): tungi siydik hajmi (tungi taglik vazni va ertalabki birinchi siydik hajmi) EBC ning taxminan 130% idan koʻp.
  • Kunlik umumiy suyuqlik va siydik hajmi normal boʻlishi mumkin: gap tungi diurezning nomutanosibligida.
  • Taktikaga taʼsiri: tungi poliuriya (sigʻim normal) — desmopressin; kichik sigʻim (diurez normal) — alarm va, kerak boʻlsa, antixolinergik; ikkalasi birga — kombinatsiya.
  • Ortiqcha tuz, oqsil va kofeinli ichimliklar tungi diurezni oshirishi mumkin; kechqurun ichimlikni cheklash tavsiya etiladi.
06

Xavf omillari va hamroh holatlar

  • Qabziyat va najas tutilishi: toʻgʻri ichak pufakni bosadi, sigʻimi kamayadi va giperfaollik paydo boʻladi; qabziyatni davolash koʻpchilik bolada enurezni kamaytiradi.
  • DEHB (ADHD): enurez koʻproq uchraydi; DEHB ni davolash yordam berishi mumkin.
  • OSA va uyquda nafas buzilishi (xurrak, adenoid-tonzillar giperplaziya): aniqlash va davolash (adenotonzillektomiya) enurezni kamaytirishi mumkin.
  • Semizlik, hissiy-xulq-atvor muammolari (sabab ham, oqibat ham), rivojlanish kechikishi.
  • Organik sabablar: qandli diabet, diabet insipidus, surunkali buyrak kasalligi, oraqsimon hujayrali kasallik, neyrogen pufak (spina bifida).
  • Ikkilamchi enurez uchun: stress (oiladagi oʻzgarishlar, ikkinchi bola), SYI, qabziyat, yangi kasallik.
  • Psixologik oqibatlar: oʻzini past baholash, ijtimoiy cheklovlar, oilada keskinlik.
07

Anamnez va obyektiv koʻrik

  • Anamnez: haftasiga hoʻl kechalar soni, kechasiga necha marta, birlamchi yoki ikkilamchi, oldingi davo, oilada enurez.
  • Kunduzgi LUTS: siyish chastotasi, shoshilinch istak, siydik tutolmaslik, ushlab turish harakatlari (oyoqni kesishtirish, choʻnqayish), zaif oqim, zoʻr berib siyish, tomchilash.
  • Ichak odatlari (Bristol shkalasi), qabziyat, najas tutolmaslik; suyuqlik va kofein qabuli vaqti; poliuriya va polidipsiya; SYI tarixi.
  • Uyqu va xulq-atvor: xurrak, nafas toʻxtashi, DEHB belgilari, stress omillari; bola va oilaning motivatsiyasi.
  • Koʻrik: qorin (toʻla pufak, najas massalari), tashqi genitaliya (meatus stenozi, fimoz, gipospadiya, qizlarda labial adgeziyalar), arterial bosim.
  • Umurtqa va sakral soha (chuqurcha, soch tutami, gluteal burma assimetriyasi), oyoq kuchi va reflekslari, anal sfinkter tonusi, yurish — neyrogen sabab belgilari.
08

Siydik kundaligi, laboratoriya va tasviriy tekshiruv

  • Siydik kundaligi: kunduzi kamida 48 soat (siyish vaqti va hajmi, ichimlik, tutolmaslik), tunda hoʻl kechalar, taglik vazni va ertalabki birinchi siydik hajmi.
  • Kundalik EBC bilan solishtirib kichik pufak sigʻimini va tungi poliuriyani aniqlaydi.
  • Siydik tahlili (test chiziq): glyukoza (diabet), oqsil, leykotsit va nitrit (SYI), ertalabki birinchi siydikning solishtirma zichligi yoki osmolyalligi (konsentratsiya qobiliyati).
  • Monosimptomatik enurezda USG va boshqa tekshiruvlar rutin emas.
  • USG koʻrsatmalari: NMNE, takroriy SYI, anatomik anomaliya yoki obstruksiya gumoni, davoga javobsizlik. Baholanadi: pufak devori qalinligi, qoldiq siydik, toʻgʻri ichak diametri, yuqori siydik yoʻllari.
  • Uroflowmetriya (± EMG): NMNE va nomuvofiq siyish gumon qilinsa.
  • Rutin urodinamika, sistoskopiya, VCUG va MRT kerak emas (neyrogen yoki anatomik shubha boʻlmasa). Qonda kreatinin va elektrolitlar faqat koʻrsatma boʻyicha.
09

Baholash va davolash algoritmi

  1. Anamnez va siydik kundaligi: MNE yoki NMNE? birlamchi yoki ikkilamchi? Qizil bayroqlarni qidiring.
  2. Koʻrik (qorin, genitaliya, umurtqa, neyro) va siydik tahlili; koʻrsatma boʻlsa USG.
  3. Hamroh holatlarni birinchi davolang: qabziyat, OSA, DEHB; ikkilamchi enurezda sababni aniqlang.
  4. NMNE: avval kunduzgi simptomlar va BBD (urotreapiya, qabziyat, kerak boʻlsa antixolinergik).
  5. MNE: bazaviy maslahat (suyuqlik rejimi, siyish, taqdirlash); keyin tanlov: alarm (motivatsiyali oila, tungi poliuriya yoʻq yoki kichik pufak) yoki desmopressin (tungi poliuriya, tezkor natija).
  6. Javob bermasa: alarm va desmopressin kombinatsiyasi; desmopressin va antixolinergik; tashxisni qayta koʻrib chiqing.
  7. Qizil bayroq yoki 2–3 oy ichida javob boʻlmasa — bolalar urologi yoki nefrologiga yoʻllang.
10

Bazaviy davo: urotreapiya va xulq-atvor choralari

  • Taʼlim: enurez bolaning aybi emas; jazolash, tanbeh berish yoki uyaltirish mumkin emas; sabablarini oddiy tilda tushuntiring.
  • Ragʻbatlantirish: xulq-atvorni (kechqurun siyish, kundalik yuritish) mukofotlang, «quruq tun» uchun emas.
  • Suyuqlik rejimi: ichimlikning katta qismi kunning birinchi yarmida; uyqudan 1–2 soat oldin cheklash; kofeinli va gazlangan ichimliklarni kamaytirish; kunduzi yetarli ichish.
  • Kunduzgi siyish: muntazam (kuniga taxminan 4–7 marta), uyqudan oldin siyish, qulay tuvalet sharoitlari.
  • Qabziyatni davolash: parhez, suyuqlik, osmotik laksativlar.
  • Bolani tunda uygʻotish yoki tuvaletga olib borish uzoq muddatli davo emas, samarasi cheklangan.
  • Bazaviy choralar yolgʻiz ham ayrim bolalarga yordam beradi va qolgan davolar bilan birga qoʻllanadi; OSA gumonida LOR baholash.
11

Alarm terapiyasi

  • Alarm (signal qurilmasi) namlik paytida ovoz yoki tebranish beradi; shartli refleks hosil qiladi — bola uygʻonadi yoki ota-ona uygʻotadi; asta-sekin pufak signaliga uygʻonish yoki tunda ushlab turish shakllanadi.
  • EAU va ICCS: monosimptomatik enurezda birinchi qator davolardan biri, ayniqsa motivatsiyali oilada; uzoq muddatli natijasi yaxshi, qaytalanish desmopressinga nisbatan kam.
  • Samaradorlik: koʻpchilikda (taxminan uchdan ikki qismida) quruq tunlar; qaytalanish boʻlishi mumkin — alarm qayta qoʻllanadi.
  • Qoʻllanish: har tun, kamida 2–3 oy; 14 ketma-ket quruq tundan keyin toʻxtatish; birinchi haftalarda ota-ona bolani uygʻotadi.
  • Qiyinchiliklar: oilaning ishtiroki va sabri, uyqu buzilishi, boshqa bolalarning uygʻonishi, teri qichishishi; motivatsiyasiz yoki juda kichik bolalarda kam qulay.
  • Alarm bilan qisqa muddatli desmopressin kombinatsiyasi samaradorlikni oshirishi mumkin.
12

Desmopressin

  • Desmopressin — sintetik vazopressin analogi (V2-retseptor agonisti): tungi diurezni kamaytiradi, siydik osmolyalligini oshiradi.
  • Koʻrsatma: tungi poliuriya, alarm mos kelmagan yoki samarasiz, tezkor natija kerak (lager, mehmonga borish).
  • Shakllari: tilosti (melt) yoki tabletka, uyqudan oldin; intranazal sprey enurez uchun tavsiya etilmaydi (gipo-natriemiya xavfi).
  • Taxminiy dozalar: tilosti 120–240 mkg, tabletka 0,2–0,4 mg; eng kichik samarali dozaga titrlanadi.
  • Xavfsizlik: kechqurun (taxminan 1 soat oldin) va dozadan keyin (taxminan 8 soat) suyuqlik cheklanadi; suv intoksikatsiyasi, gipo-natriemiya, tutqanoq xavfi; qusish, diareya yoki isitma kunlarida qabul qilinmaydi.
  • Qarshi koʻrsatma: polidipsiya, yurak yoki buyrak yetishmovchiligi, SIADH, diuretiklar, gipo-natriemiya.
  • Davo davomida: dastlab bir oy sinov; toʻxtatishda dozani bosqichma-bosqich kamaytirish qaytalanishni kamaytiradi; vaqti-vaqti bilan «dori tanaffusi».
13

Davo usullarini taqqoslash

UsulQachon tanlanadiAfzalligiCheklovi va xavfi
Urotreapiya, xulq-atvor choralari Barcha bolalar; birinchi qadam Xavfsiz; kunduzgi simptom va qabziyatga yordam Yolgʻiz holda enurezga taʼsiri cheklangan
Alarm terapiyasi MNE, motivatsiyali oila, kichik pufak sigʻimi Uzoq muddatli samara, qaytalanish kam, dori yoʻq Oila ishtiroki, vaqt va sabr talab qiladi
Desmopressin Tungi poliuriya, tezkor natija, vaqtinchalik ehtiyoj Tez taʼsir qiladi, qulay Gipo-natriemiya xavfi, suyuqlik cheklovi, qaytalanish
Antixolinergik (qoʻshimcha) NMNE, giperfaol pufak, kichik sigʻim, refrakter holat Pufak sigʻimini oshiradi, kunduzgi simptomni kamaytiradi Quruq ogʻiz, qabziyat, qoldiq siydik; monoterapiyada samarasiz
Trisiklik (imipramin) Refrakter holat, mutaxassis nazoratida Ayrim bolalarda samarali Kardiotoksiklik, doza oshsa xavfli; kam qoʻllanadi
14

Kombinatsiyalangan davo va refrakter enurez

  • Refrakter enurez — bazaviy davo hamda alarm yoki desmopressin yetarli samara bermagan holat: avval tashxisni qayta koʻrib chiqing (kunduzgi simptomlar, qabziyat, OSA, siydik kundaligi, USG), rioya qilishni tekshiring.
  • Alarm va desmopressin kombinatsiyasi: alohida-alohida samarasiz boʻlgan ayrim bolalarda yordam beradi.
  • Desmopressin va antixolinergik: kichik pufak sigʻimi yoki tungi detrusor giperfaolligi bor, desmopressinga qisman javob bergan bolada (masalan, oksibutinin, tolterodin, solifenatsin); avval qabziyatni davolang, qoldiq siydikni tekshiring.
  • Antixolinergik monoterapiya monosimptomatik enurezda birinchi qator emas.
  • Trisiklik antidepressant (imipramin) — oxirgi tanlov; kardiotoksiklik va doza oshib ketganda zaharlanish xavfi tufayli ehtiyotkorlik, EKG; bolalardan saqlang.
  • Natijani 4–6 haftadan keyin va 3 oyda baholang; vaqti-vaqti bilan davoni toʻxtatib qayta baholang.
  • Ikkilamchi hissiy yoki xulq-atvor muammolarida bolalar psixologi yoki psixiatri yordami.
15

Kunduzgi LUTS va BBD (ICCS holatlari)

Holat (ICCS)Asosiy belgilarDavo (umumiy)
Giperfaol pufak (OAB) Shoshilinch istak, tez-tez siyish, tutolmaslik, ushlab turish harakatlari Urotreapiya; antixolinergik; qabziyatni davolash
Siyishni kechiktirish Bola ataylab ushlab turadi, keyin tutolmaydi Xulq-atvor terapiyasi, vaqt boʻyicha siyish
Nomuvofiq siyish (dysfunctional voiding) Siyishda chanoq tubi mushaklari qisqaradi; uzilgan, zoʻr berib siyish, qoldiq siydik Biofeedback, urotreapiya; uroflowmetriya va EMG
Kam faol pufak Kam siyish, qorin pressi, qoldiq siydik, SYI Vaqt boʻyicha ikki bosqichli siyish; mutaxassis
Kulgidan siydik tutolmaslik Kulganda detrusor toʻliq boʻshaladi Xulq-atvor choralari, kerak boʻlsa farmakoterapiya
Vaginal reflyuks, ektopik siydik yoʻli Siyishdan keyin tomchilash; doimiy namlik (ektopiya) Qizlarda siyish holatini toʻgʻrilash; ektopiya — urologga yuborish
16

Qizil bayroqlar va mutaxassisga yoʻllash

  • Doimiy namlik yoki normal siyish bilan birga tutolmaslik, ayniqsa qizlarda — ektopik siydik yoʻli gumoni.
  • Neyrogen belgilar: sakral chuqurcha yoki soch tutami, oyoq kuchsizligi, yurish buzilishi, anal tonus pasayishi, ichak funksiyasining buzilishi.
  • Obstruksiya belgilari: zaif yoki uzilgan oqim, zoʻr berib siyish, paypaslanadigan pufak (oʻgʻil bolalarda orqa uretra klapanlari), qoldiq siydik.
  • Takroriy SYI, gematuriya, proteinuriya, arterial gipertenziya, buyrak funksiyasining buzilishi, gidronefroz.
  • Poliuriya va polidipsiya, glyukozuriya yoki past siydik zichligi (diabet, diabet insipidus, buyrak kasalligi).
  • Yangi boshlangan ikkilamchi enurez: SYI, qabziyat, diabet, stress, DEHB; shubha boʻlsa psixososial baholash va bolani himoya qilish masalasi.
  • Davoga javobsizlik (2–3 oy), ogʻir kunduzgi simptomlar yoki ruhiy-xulq-atvor buzilishi: bolalar urologi, nefrolog, endokrinolog, nevrolog, LOR yoki psixolog.
17

Prognoz va ota-onani maslahatlash

  • Prognoz yaxshi: har yili bolalarning bir qismi (taxminan 15% atrofida) oʻz-oʻzidan quruq boʻladi; davo bu jarayonni tezlashtiradi; oz qismida enurez kattalikka saqlanadi.
  • Alarm: koʻpchilikda quruq tunlar, qaytalanish boʻlishi mumkin. Desmopressin: tez taʼsir qiladi, ammo toʻxtatilganda qaytalanish koʻp uchraydi.
  • Enurez bolaning aybi va ataylab qilgan ishi emas; jazolash, uyaltirish va kulish mumkin emas — bolaning oʻzini hurmat qilishini himoya qiling.
  • Amaliy choralar: suv oʻtkazmaydigan matras himoyasi, taglik, ertalabki yuvinish; bolani tunda uygʻotish vaqtinchalik chora.
  • Bolani davoga jalb qiling: kundalik yuritish, kichik yutuqlarni belgilash.
  • Davoni bola va oila tayyor boʻlganda, odatda 6–7 yoshdan boshlang; kuchli qiyinchilik boʻlsa erta.
  • Lager yoki mehmonga borishda desmopressin qisqa muddatli yordam beradi. Yangi alomat, SYI yoki davoga javobsizlikda qayta murojaat.
18

Asosiy klinik xulosalar

  • Enurez — 5 yoshdan keyin uyquda beixtiyor siydik chiqishi; monosimptomatik (MNE) va nomonosimptomatik (NMNE), birlamchi va ikkilamchi shakllarni farqlang.
  • Patofiziologiya: tungi poliuriya (ADH ning tungi oshishi yetarli emas), pufak sigʻimining kamayishi va uygʻonish buzilishi.
  • Baholash: anamnez, siydik kundaligi, siydik tahlili, umurtqa va genitaliya koʻrigi; MNE da USG rutin emas.
  • Qabziyat, DEHB va OSA ni aniqlang va davolang: ular enurezni kuchaytiradi.
  • Davolash: urotreapiya va maslahat; birinchi qator — alarm yoki desmopressin; refrakter holatda kombinatsiya yoki antixolinergik qoʻshimcha.
  • Desmopressinda suyuqlikni cheklang (gipo-natriemiya xavfi); intranazal shakl tavsiya etilmaydi.
  • Qizil bayroqlar (ektopik siydik yoʻli, neyrogen yoki obstruktiv belgilar, diabet, SYI) — mutaxassisga; ota-onani maslahatlashda jazolashdan voz kechish.
19

Oʻzini tekshirish

1ICCS boʻyicha monosimptomatik enurez nima?
  1. Kunduzgi LUTS bilan birga tungi tutolmaslik
  2. Faqat tungi tutolmaslik, kunduzgi LUTS yoʻq
  3. Kamida 6 oy quruq davrdan keyin paydo boʻlgan enurez
  4. Faqat kunduzi siydik tutolmaslik

Javob: B. Monosimptomatik enurezda kunduzgi LUTS va pufak disfunksiyasi anamnezi yoʻq; kunduzgi simptomlar bilan boʻlsa nomonosimptomatik.

2Tungi poliuriyaning asosiy patofiziologik mexanizmi qaysi?
  1. Qabziyat
  2. Pufakning kichik sigʻimi
  3. Tungi ADH sekretsiyasi oshishining yetarli emasligi
  4. Chuqur uyqu

Javob: C. Kechasi ADH ning normal oshishi yetarli emas yoki buyrak unga sust javob beradi, shuning uchun tungi siydik hajmi katta.

3Monosimptomatik enurezda birinchi qator davolar qaysilar?
  1. Antixolinergik monoterapiya
  2. Alarm terapiyasi yoki desmopressin
  3. Imipramin
  4. Rutin sistoskopiya

Javob: B. Bazaviy maslahatdan keyin birinchi qator — alarm yoki desmopressin; tanlov tungi poliuriya, pufak sigʻimi va oila motivatsiyasiga bogʻliq.

4Desmopressin berilganda eng muhim xavfsizlik chorasi qaysi?
  1. Dozani ikki baravar oshirish
  2. Intranazal spreyni afzal koʻrish
  3. Ovqatdan oldin qabul qilish
  4. Kechqurun va dozadan keyin suyuqlikni cheklash

Javob: D. Suyuqlikni cheklash gipo-natriemiya va suv intoksikatsiyasi xavfini kamaytiradi.

5Qaysi holat mutaxassisga yoʻllashni talab qiluvchi qizil bayroq?
  1. Doimiy namlik va normal siyish bilan tutolmaslik (ektopik siydik yoʻli gumoni)
  2. 6 yoshli bolada monosimptomatik enurez
  3. Oilada enurez boʻlishi
  4. Haftada bir hoʻl kecha

Javob: A. Normal siyish bilan birga doimiy namlik ektopik siydik yoʻlini koʻrsatishi mumkin; bu urologik baholashni talab qiladi.

·

Adabiyotlar

  • EAU Guidelines on Paediatric Urology, 2024
  • EAU Guidelines on Urological Infections, 2024
  • Campbell-Walsh-Wein Urology, 12th ed., 2020
  • Smith & Tanagho's General Urology, 19th ed., 2020
  • Guyton and Hall Textbook of Medical Physiology, 14th ed., 2020
  • ICD-10 (WHO)

Taqdimot taʼlim maqsadida tayyorlangan. Klinik qarorlar amaldagi klinik tavsiyalar va bemorning holatiga asoslanishi kerak. Foydalanganda muallifni va sayt manzilini koʻrsating.

PPTX yuklab olish (414 KB)

Shu boʻlimdagi boshqa taqdimotlar

Qabulga yozilish